Yurislingvistika nima?
Yurislingvistika — huquq va til o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni o‘rganuvchi yangi maxsus ilmiy yo‘nalish.
Yurislingvistikaning maqsad va vazifalari
- Yuridik til va yuridik nutqqa doir nazariy bilimlarni muttasil takomillashtirish.
- Qonun tili, qonunchilik uslubi va qonunchilik texnikasi masalalarini ilmiy-amaliy tadqiq etish.
- Qonun loyihalarida huquqiy normalarni ifodalashning metodologik asoslarini ishlab chiqish.
- Amaliyotda qonunni qo‘llash uchun qiyinchilik tug‘dirayotgan ifoda usullarini aniqlash va samarali ifoda shakllarini tavsiya etish.
- Yuridik terminlarni unifikatsiya qilish va ularni barqarorlashtirish (standartlashtirish).
- Yuridik tarjimashunoslik, yuridik lug‘atshunoslik va yuridik texnika masalalari.
- Normativ-huquqiy hujjatlarni lingvo-yuridik ekspertizadan o‘tkazish.
- Normativ-huquqiy hujjatlar va xalqaro shartnomalarni tarjima qilish hamda ularning autentligini ta’minlash.
- Huquqshunos kadrlarning lingvistik tayyorgarligi bilan bog‘liq «Yuridik til asoslari», «Yurisprudensiyada yozma nutq ko‘nikmalari», «Mutaxassislik tili», «Yurisprudensiyada so‘z san’ati», «Sud notiqligi», «Lingvokriminalistika», «Sudda lingvistik ekspertiza», «Yuridik hujjat tuzish asoslari» kabi o‘quv kurslarining ilmiy asoslarini belgilash va ularni o‘quv jarayoniga joriy etish.
- Huquq va til ilmlarining o‘zaro «kesishgan nuqtasi»ni, huquq rivojida tilning, til taraqqiyotida huquqning vazifalarini belgilash.
- Mamlakat va jamiyat rivojida davlat tili, yuridik til hamda yuridik nutqning o‘rni va rolini o‘rganish.